O‘zbekiston va Xitoy xoreografiya ta’limi vakillari tajriba almashdi

Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasi taklifiga binoan, joriy yilning 12-iyun kuni Lanchjou madaniyat va san’at universiteti delegatsiyasi O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mehmonlar akademiyada o‘tkazilgan davlat attestatsiya imtihonlari jarayonida ishtirok etib, talabalarning kasbiy tayyorgarligi, sahna madaniyati va ijrochilik mahoratini yuksak baholadilar.

Uchrashuvning eng qiziqarli qismi esa mahorat darslari bo‘ldi. Birinchi davlat toifasidagi artist va pedagog Li Li akademiyaning “Xoreografiya san’ati (raqs ijrochiligi)” yo‘nalishi talabalari uchun zamonaviy talqindagi xitoy raqsi bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazdi. Talabalar xitoy raqs san’atining nafis harakatlari, o‘ziga xos pozitsiyalari va ijro uslublarini amaliy tarzda o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Shuningdek, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi talabalari 1-bosqich magistranti Abakulov Asadbek boshchiligida o‘zbek milliy raqsi bo‘yicha mahorat darsi namoyish etib, milliy raqs san’atimizning betakror jozibasi, boy an’analari va ijro madaniyatini mehmonlarga taqdim etdilar.

Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi. Tomonlar ta’lim, ijodiy faoliyat va madaniy almashinuv yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Mazkur tashrif O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, yosh iste’dodlarning xalqaro tajribani o‘rganishi hamda xoreografiya san’ati sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.

Madaniyatlar muloqoti, san’at orqali yaqinlashuv va tajriba almashinuvi — ushbu uchrashuvning bosh g‘oyasiga aylandi.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan