O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida talaba-yoshlarning ma’naviy-estetik dunyoqarashini boyitish, ularda san’atga, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlariga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash maqsadida 1-bosqich talabalari uchun madaniy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi.
Tashrif davomida talabalarga tyutor S.Sultanova, Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi 3-son IIB profilaktika katta inspektori, leytenant G.Matisakova hamda Yoshlar yetakchisi J.Mirsoliyev hamrohlik qildilar.
Sayohat doirasida talabalar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Ikuo Hirayama nomidagi Xalqaro karvon-saroy madaniyat markazi ko‘rgazmalar zalida tashkil etilgan alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalarning ijodiy ishlari ko‘rgazmasi bilan tanishdilar. UNICEF ko‘magida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada bolalarning tasviriy san’at orqali namoyon etgan iste’dodi, betakror tasavvuri va boy ichki dunyosini aks ettiruvchi asarlar namoyish etildi.
Ko‘rgazma yoshlar qalbida mehr-oqibat, bag‘rikenglik, inson qadr-qimmatiga hurmat va ijtimoiy mas’uliyat tuyg‘ularini yanada kuchaytirdi. Ayniqsa, bo‘lajak san’at vakillari uchun ushbu tashrif san’atning cheksiz imkoniyatlarga ega ekanligini, haqiqiy ijod insonning jismoniy imkoniyatlari bilan emas, balki uning qalbi, tafakkuri va iste’dodi bilan belgilanishini chuqur his etish imkonini berdi.
♾ Tashrif yakunida talabalar ko‘rgazmadan unutilmas taassurotlar bilan qaytdilar. Ular san’atning insonlarni birlashtiruvchi, ruhlantiruvchi va ezgulikka chorlovchi ulkan kuch ekanligini yana bir bor angladilar. Mazkur madaniy-ma’rifiy tadbir yoshlarning ma’naviy kamoloti va estetik tarbiyasini yuksaltirishga xizmat qiluvchi muhim qadam bo‘ldi.









