Surxon raqs maktabi bo‘yicha mahorat darslari

O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida joriy yilning 6–9-oktyabr kunlari Termiz ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘qituvchisi, mahoratli pedagog, “Shuhrat” medali sohibasi Shoira Qurbonova tomonidan “Surxon raqs maktabining asosiy qo‘l va oyoq holatlari hamda ularda ijro etiladigan harakatlar tizimining nazariy asoslari” mavzusida mahorat darslari tashkil etildi.
Ma’lumki, o‘zbek milliy raqs san’ati o‘zining boy an’analari va betakror ijro uslublari bilan ajralib turadi. Uning asosiy yo‘nalishlari sifatida Farg‘ona, Xorazm, Buxoro, Surxon va Qoraqalpoq raqs maktablari e’tirof etiladi. Har bir maktab o‘ziga xos harakatlar tizimi, ijro uslubi, musiqiy ohanglari va milliy an’analari bilan o‘zbek raqs san’atining rang-barangligini namoyon etadi.
Mahorat darslari davomida ishtirokchilar Surxon raqs maktabining o‘ziga xos ijro uslubi, asosiy qo‘l va oyoq holatlari, milliy raqs harakatlarining bajarilish texnikasi hamda ularning nazariy asoslari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, Surxon vohasiga xos an’anaviy ayollar va erkaklar raqslari, harakatlarning mahalliy nomlanishi hamda ushbu raqs maktabining o‘ziga xos xususiyatlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Ma’lumot o’rnida, shuni aytish mumkinki, “Xoreografiya jamoalari rahbari” kafedrasi professori v.b. Erkinoy Saitova va Shoira Qurbonova hammuallifligida yaratilgan “O‘zbek raqsini o‘rganish uslubiyoti (Surxon raqs maktabi)” o‘quv qo‘llanmasi Surxon raqs maktabining nazariy va amaliy asoslarini o‘rganishda muhim manbalardan biri bo’lib xizmat qilmoqda.Mazkur qo‘llanmada Surxon vohasi raqslarining turlari, shakllanish bosqichlari, harakatlarning mahalliy nomlanishi, an’anaviy ayollar va erkaklar raqslari, milliy raqs liboslari, shuningdek, raqs namunalari va ularning nota matnlari yoritilgan.Bunday mahorat darslari o‘zbek milliy raqs maktablarining o‘ziga xos xususiyatlarini chuqur o‘rganish, milliy raqs merosini asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish, shuningdek, bo‘lajak xoreograf va raqqoslarning kasbiy mahoratini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

 

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan