Joriy yilning 12-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF-207-son Farmoni talablarini ijro etish doirasida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi talabalari Toshkent viloyati IIV JIED birinchi mintaqaviy hududidagi 24-son tarbiya koloniyasida bo‘lib, muassasa faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Uchrashuv davomida muassasa mas’ullari tomonidan jazoni ijro etish tizimining kundalik faoliyati, mahkumlarning tibbiy-sanitariya ta’minoti, tarbiyaviy ishlar, shuningdek, ularni psixologik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuvda shuningdek, Yakkasaroy tumani IIO FMB 3-son IIB XPB OTM PKI katta leytenanti G.Matisakova, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining ma’naviyat va ma’rifat bo‘yicha dekan o‘rinbosari J.Saidov hamda O‘quv-uslubiy boshqarmaning o‘quv-metodik ta’minot bo‘limi ish yurituvchisi D.Davronov ishtirok etdilar.
Uchrashuvning tarbiyaviy ahamiyati shundaki, u talabalarga har bir insonning xatti-harakatlari va qabul qilgan qarorlari muayyan oqibatlarga olib kelishini chuqurroq anglash imkonini berdi. Mahkumlarning hayotiy tajribalari va bildirgan fikrlari yoshlarda erkinlikning qadri, qonunga hurmat, shaxsiy mas’uliyat va to‘g‘ri hayot yo‘lini tanlash masalalariga nisbatan jiddiy munosabatni shakllantirishga xizmat qildi.
Ushbu ma’rifiy tadbir yoshlarni huquqbuzarliklardan ogoh etish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, mas’uliyatli qaror qabul qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda sog‘lom turmush tarzi va qonunga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratildi.


