O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasiga tashrif buyurgan mehmon – professor – Hindistondagi Javoharla’l Neru universiteti Markaziy Osiyo ilmiy tadqiqotlar markazi rahbari, filologiya fanlari doktori, taniqli boburshunos olim Axloq Ahmad Axan “San’at nazariyasi va tarixi” kafedrasi dots.nti, filologiya fanlari doktori Hulkar Hamroyevaning “Notiqlik san’ati” fanidan “Notiqlik san’ati va Sharq sivilizatsiyasi“ mavzusida o‘tgan ochiq darsida xalqaro ekspert sifatida ishtirok etdi.
Shuningdek, ochiq darsda O‘zDXA o‘quv ishlari prorektori, professor Sobir Jumayev, fakultet dekani Mehriniso Xolmurodova, «San’at nazariyasi va tarixi» kafedrasi mudiri, dotsent Shovkat Umarov hamda kafedra professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Qizg‘in savol-javob ruhida o‘tgan ochiq dars yakunida Sharq she’riy san’ati –bahri bayt uyushtirildi. Talabalarning hozirjavoblik bilan o‘qiyotgan she’ru ruboiylari professor Axloq Axanda qiziqish uyg‘otdi va o‘zining forsiydagi g‘azallari bilan musobaqaga qo‘shildi.
Xalqaro ekspert ochiq dars haqida fikr bildirar ekan, insonlar o‘rtasida samimiy muloqotlar kamayib borayotgan texnika asrida mashg‘ulotlarning bahs – munozara tarzida o‘tkazilishi, talabalarning faol ishtirok etishi, ijodiy fikrlashi, o‘z mulohazalarini to‘g‘ri va aniq ifodalashga intilishi nihoyatda muhim fazilat ekanligini alohida ta’kidladi.