2025-yilning 28-aprel-2-may kunlari Turkiya Respublikasining Anqara shahrida turkiy davlatlar xoreografiya sanʼatiga bagʻishlangan “Xalqaro turk dunyosi davlat balet maktablari Anqara festivali” bo’lib o’tdi.
29-aprel “Xalqaro raqs kuni” munosabati bilan xalqaro festival tashkilotchilaridan biri bo’lgan Anqara davlat konservatoriyasi professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan tashkil etilgan, mazkur bayramga bag‘ishlangan konsert dasturi alohida e’tiborga loyiq bo’ldi.
Konsert dasturi festivalning muhim madaniy voqeasi bo‘lib, talabalarning yuksak tayyorgarligi, raqs an’analarining rang-barangligi tadbir qatnashchilarining madaniy xilma-xillikni yaxshiroq tushunishiga va hamkasblari bilan tajriba almashishiga imkon berdi.
Festival doirasida, 1-may sanasida yuqori darajada o’tkazilgan gala-konsertda tashkilotchi universitet talabalari, turkiy davlat vakillari: Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekiston talabalari o’zlarining rang-barang konsert nomerlarini namoyish etdilar.
Mazkur gala-konsertda o’zining yakkaxon ijrosi ila barchani maftun etgan, “Surnay lazgi” raqsi bilan ishtirok etgan, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi 1-bosqich talabasi Valiyeva Sevinch ijrosidagi raqs o‘zining yorqinligi, dinamikligi va teran emotsionalligi bilan tomoshabinlar qalbidan joy olib, konsertning haqiqiy durdonasiga aylandi.