Joriy yilning 12-13-iyun kunlari O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi, Qohira universiteti, Jaloliddin Manguberdi fondi hamkorligida Qohira davlat kutubxonasida «O‘zbekiston va Misr: qadim tamaddunlar chorrahasida madaniyat, san’at, tarix taraqqiyoti», «Sayfiddin Qutuzxon tarixining yangi sahifalari» mavzularida Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O’zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Urganch filiali professori, O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Matyoqubova, O‘zDXA «San’at nazariyasi va tarixi» kafedrasi professori vazifasini bajaruvchi, filologiya fvnlari doktori (DSc) Hulkar Hamroyevalar ma’ruza bilan ishtirok etishdi.
Anjuman doirasida Qohirada ingliz va arab tillarida chop etilgan «Xorazm «Lazgi» raqsi falsafiy-estetik hodisa» (G.Matyoqubova, H.Hamroyeva), “Xorazm raqs maktabi: tarixi va tadqiqi» (H.Hamroyeva) nomli monografiyalarning taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zDXA Urganch filiali talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori R.Sapayeva, O‘zDXA bitiruvchisi, «Lazgi» Xalqaro festivali g‘olibasi O.Davletovalar ijro etgan raqslarni Misr jamoatchiligi iliq kutib oldi. Xalqaro anjuman yakunida G.Matyoqubova va H.Hamroyeva «Yilning eng yaxshi olimi» nominatsiyasi bilan taqdirlandilar.