Xoreografiya san’ati sohasidagi xalqaro hamkorlik doirasida

O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi “Xoreografiya jamoalari rahbari” kafedrasi o‘qituvchisi Useinova Susanna Enverovna hamda “Zamonaviy raqs” yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Elmuratova Gulayim ijodiy safar bilan Qozog‘iston Respublikasining Chimkent shahriga bo’ldilar.

Mazkur loyiha Chimkent shahri filarmoniyasi huzuridagi “Yassy” zamonaviy raqs ansambli badiiy rahbari Taukeev Kuat Anatolyevich tashabbusi bilan amalga oshirildi.

Tashrif doirasida Chimkent shahrida joylashgan “Qizg‘aldoq” madaniyat saroyida “Yassy” ansambli bilan hamkorlikda yangi xoreografik asar — “Kleopatra sirlari” nomli uslublashtirilgan misrliklar raqsi muvaffaqiyatli sahnalashtirilib, ansambl repertuariga kiritildi.

Sahnalashtirish jarayonida pedagog ansambl ishtirokchilari bilan uslublashtirilgan raqs kompozitsiyasini yaratish bo‘yicha kasbiy tajriba va bilimlarini o‘rtoqlashdi. Xususan, harakat materialini ishlab chiqish, sahna obrazini shakllantirish hamda ifodaviylik tamoyillariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, safar davomida:
o‘zbek milliy raqsidagi Farg‘ona maktabiga xos qo‘l va oyoq holatlari hamda harakatlarning ijro uslubi bo‘yicha;
zamonaviy raqsning asosiy pozitsiyalari va texnikasi bo‘yicha mahorat darslari tashkil etildi.

Bu kabi ijodiy tashriflar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga, xoreografiya sohasida o‘zaro kasbiy tajriba almashish, milliy an’analar hamda zamonaviy yo‘nalishlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan