Bugun 4-may kuni O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida Hindiston Respublikasining J.Neru universiteti, Qozog‘iston Respublikasining J.Tashenev nomidagi universiteti hamda Andijon davlat pedagogika instituti bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’at taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari: ilmiy-amaliy izlanishlar” mavzusida xalqaro ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir soha oldidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda xalqaro tajriba almashish uchun samarali maydon vazifasini bajardi.
Seminarni kirish so’zi bilan ochgan O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori, professor Sh.M.Toxtasimov mamlakatimizda madaniyat va san’at yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, xoreografiya san’atini rivojlantirish hamda milliy madaniy merosni zamonaviy yondashuvlar asosida targ‘ib etish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Hindistonning Javoharlal Neru universiteti, Fors va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari, professor Ahmad Axloq Ahan o‘z ma’ruzasida Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsini nafaqat davlat arbobi va shoir, balki yuksak didli san’atshunos sifatida ham ilmiy jihatdan tahlil qildi. U Bobur Mirzo merosining Sharq va G‘arb madaniy tamaddunlari o‘rtasidagi muhim bog‘lovchi omil ekanini qayd etdi.
Turkiyaning Neyde universiteti professori Mustafa Korkmaz esa onlayn ishtirok etib, turk va o‘zbek raqs san’ati tarixiy ildizlari hamda ularning rivojlanish tendensiyalarini qiyosiy yondashuv asosida tahlil qildi.
Tadbirda shuningdek, Andijon davlat pedagogika instituti prorektori B.Sirojiddinov,
Aleksandriya universiteti professori Manara Eldiep, J.Tashenev nomidagi universitet dotsenti S.G’aniyev, Oz’DXA Urganch filiali professori G.Matyoqubova, Andijon davlat pedagogika instituti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi M.Qosimova, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti dotsenti A.Rajabiy, Andijon davlat pedagogika instituti doktorantlari, akademiya magistrantlari o’z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. .
Xonanda A.Rajabiyning tanburda ijro etgan “Qaro ko’zim” qo’shigi tadbirga o’zgacha shukuh bag’ishladi va O’zbekiston Milliy axborot agentligi hamda O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston” telekanali jurnalistlari tomonidan xalqaro seminar keng yoritildi.









