Joriy yilning 7-8-dekabr kunlari O’zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi “Xoreografiya jamolari rahbari” kafedrasi o‘qituvchisi Useinova Susanna Enverovna Rossiya Federatsiyasining Moskva davlat madaniyat institutida bo‘lib o‘tgan, “Xoreografiya ta’limini innovatsion rivojlantirish shakllari” mavzusida II Butunrossiya ilmiy-amaliy xalqaro konferensiyada ishtirok etib, nutq so’zladi.
Konferentsiya pedagogik faoliyatning dolzarb muammolarini tahlil qilish, xoreografik ta’limni innovatsion rivojlantirishning turli shakllarini izlash, xoreografiya san’ati sohasidagi mutaxassislarning amaliy tajriba almashishi uchun interaktiv platforma yaratish, xoreografik ta’lim tizimida innovatsion rivojlanish shakllarini amaliy qo’llashni amalga oshirish uchun maqbul shart-sharoitlarni aniqlash kabi masalalar yechimiga qaratildi.
Anjumanning amaliy qismida S.E.Usainova “O’zbek milliy raqs san’atining asosiy yo‘nalishlari” mavzusida mahorat darsini o‘tkazdi va raqs san’atining turli yo’nalishlari bo’yicha turli mamlakatlar mutaxassislarining ko’plab mahorat darslarida qatnashib, xoreografiya sohasidagi o’z bilimlari bilan o’rtoqlashdi.
Shuningdek, konferensiya doirasida Moskva davlat madaniyat instituti “Xalq raqsi” ta’lim yo’nalish 3-bosqich talabalari uchun o‘zbek milliy raqsi “Dilhiroj”ni sahnalashtirdi.