O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida xalqaro hamkorlik va akademik mobillik yo‘nalishida izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, Qozog‘iston milliy ayollar pedagogika universiteti (QYZPU) vakillari — Samal Bakirova hamda Anipa Kussanova xalqaro akademik mobillik dasturi doirasida akademiyaga tashrif amalga oshirdilar.
Tashrif davomida mehmonlar akademiyada tashkil etilgan badiiy ijodiy imtihon jarayonlarini bevosita kuzatib, ta’lim jarayonining o‘ziga xos jihatlari, o‘quv-uslubiy yondashuvlar hamda talabalarning ijodiy salohiyati bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, ular professor-o‘qituvchilar tomonidan olib borilayotgan mashg‘ulotlarda ishtirok etib, xoreografiya ta’limi tizimidagi ilg‘or tajribalar bilan almashish imkoniga ega bo‘ldilar.
Mehmonlar uchun madaniy dastur ham tashkil etilib, ular yaqinda faoliyat boshlagan Islom sivilizatsiyasi markazida bo’ldilar. Ekskursiya davomida markazning boy tarixiy-madaniy merosi, ilmiy-ma’rifiy ahamiyati hamda zamonaviy infratuzilmasi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mazkur tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy-pedagogik aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish ko‘lamini kengaytirish hamda kelgusida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.







